O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19 mart kuni Oqsaroyda Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yan Kubishni qabul qildi. – Siz bilan uzoq vaqtdan buyon tanishmiz, – dedi mamlakatimiz rahbari. – O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan birday manfaatdor. O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlarining sifat va sur’ati ikki mamlakatda ham yuqori baholanadi. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 14 yil to‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajadagi, parlamentlar, vazirlik va idoralar darajasidagi uchrashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 1997 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Slovakiyaga, 2003 yilning mart oyida Slovakiya Prezidenti Rudolf Shusterning O‘zbekistonga tashriflari bo‘lib o‘tdi. Bu sammitlar asnosida ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy poydevori yaratildi. O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy asosini 23 hujjat tashkil qiladi. Ular orasida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, havo transporti aloqasi, sayyohlik, tashqi siyosat va tashqi savdo mahkamalari o‘rtasida hamkorlikka oid bitim va protokollarni keltirish mumkin. Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik borasida tomonlar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanyapti, deb bo‘lmaydi. 2006 yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 15 million AQSH dollarini tashkil etdi. Yurtimizda Slovakiya sarmoyasi ishtirokida ochilgan o‘nga yaqin qo‘shma korxona ishlab turibdi. Ular farmatsevtika, qurilish-montaj ishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, savdo va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy sohadagi hamkorlikni yanada faollashtirish ikki tomonlama manfaat keltiradi va O‘zbekiston bilan Slovakiya bu borada hamfikrdir. Ayni paytda turli yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Gumanitar sohada ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, ilmiy doiralarning aloqalari faolligini ta’kidlash mumkin. 2006 yilning iyul oyidan Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Yan Kubish ko‘p yillik diplomatik tajribaga ega. U qator nufuzli xalqaro tashkilotlar – BMT, YEI va YEXHT organlarida ishlagan. Xususan, uzoq yillar YEXHTga raislik qilgan, 2005-2006 yillarda esa Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimida mehnat qilgan. Tajribali siyosatchi va diplomat Yan Kubish mintaqamizdagi vaziyat va sharoit bilan yaxshi tanish. Oqsaroyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Slovakiya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samaraliroq foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
|