Andijon viloyatida har yili obodonlashtirish bo'yicha ko'rik-tanlov o'tkazilishi yaxshi an'anaga aylandi. Erta bahordan joylarda oilalarning turmush madaniyati darajasi, hovli, ko'cha, mahallani qanday tutishi bilan tanishish boshlanadi. Keyin tuman va shaharlarda eng yaxshilar aniqlanadi. Yakunlovchi viloyat bosqichi Mustaqillik kuni arafasida o'tkaziladi, xabar beradi UzA. Tanlov doirasida joylarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo'yicha loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-maishiy obyektlar bunyod etilmoqda, hashar yo'li bilan mahalla guzarlari qurilmoqda. Hududlar tozalanmoqda, bog' va gulzorlar yaratilmoqda. Bu ishlarda nafaqat ijro hokimiyati organlari, balki homiy tashkilotlar, tadbirkorlar, xalq hunarmandlari ham ishtirok etmoqda. Xayrli ishlar bu bilan cheklanib qolmayapti. Tanlov nizomida ijodiy jihatga ham katta e'tibor qaratilgan. Andijondagi Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida folklor ansambllar va ijodiy jamoalar konsertlari o'tkazilmoqda. - Bu an'anaviy tanlov eng uzoq aholi punktlarini ham obodonlashtirishga yordam bermoqda, - deydi "Mahalla" jamg'armasining viloyat bo'limi raisi O'ktamjon Haydarov. - U katta tarbiyaviy ahamiyatga ham ega: turmush madaniyatini oshirish, sog'lom turmush tarzi ko'nikmalarini yaratishga yordam beradi. Bu ko'nikmalar asta-sekin odatga aylanadi, keyin esa zarurat bo'lib qoladi. Jumladan, tanlov tufayli gulchilik aholi orasida keng tarqaldi, issiqxonalarda bananlar, ananaslar va respublikamiz tabiiy sharoiti uchun xos bo'lmagan boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Ko'rik-tanlov g'oliblarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun ularga pul mukofotlari beriladi.
|