Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun 1-multimedia dasturi Chop etish uchun E-mailga yuborish O'zbekistonda birinchi marta maktabgacha yoshdagi bolalar uchun multimedia dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dastur "Rang va shakllarni o'rganamiz" deb nomlanib, "O'zbegim dasturlari" tahririyati BIARR jamoasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, bolalarning ranglar va shakllarni ajrata olish ko‘nikmalarini oshirish hamda qiziqarli o‘yinlar va misollar orqali mantiqiy tafakkurga o‘rgatishga qaratilgan. Bolalar dastur yordamida qizil, sariq, oq, jigarrang, ko‘k, yashil kabi ranglarni oson ajrata boshlaydilar, doira, uchburchak, to‘rtburchak kabi sodda shakllarni, shuningdek, narsa-buyumlarni ma'lum bir belgilariga qarab tasniflashni o‘rganadilar. Kiritilgan turli rasmlar va qisqa multfilmlar orqali bolalarning o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan yanada yaqindan tanishuvlari ta'minlanadi. O'quv jarayonidagi rag‘batlantirish yordamida esa bolalarni bilim olishga qiziqtirib boriladi. Dastur maktabgacha yoshdagi bolalarning kompyuterda ishlash normalariga asoslangan bo‘lib, bolalar dastur bilan mustaqil ishlay oladilar. "Rang va shakllarni o‘rganamiz" nomli ushbu multimedia dasturi maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan dasturlar tizimining dastlabki namunasidir. Hozirgi kunda "O‘zbegim Dasturlari" elektron nashrlar tahririyati tomonidan shu turkumdagi yana yangi dasturlar tayyorlanmoqda. Ular bolalarda mantiqiy tafakkurni shakllantirish, sanoq va matematik amallarni tez va oson bajarish ko‘nikmalarini hosil qilish ingliz, rus alifbolarini o‘rgatish va boshqa shu kabilar yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. Dastur haqidagi taklif va mulohazalar minnatdorchilik bilan qabul qilinadi.
|